Saytning yangi varianti

O‘zbekiston iqtisodiyotining real sektorida AKT: iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji va axborot tizimlariga talab va ehtiyojning o‘sishi

6 апреля 2014

Kun yangiligi

Mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishini jadallashtirish, talab va ehtiyoj mavjud dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqilishini ta’minlash, shuning asosida boshqaruvda samaradorlikka erishish, ishlab chiqarishdagi sarf-xarajatlarni qisqartirish, xo‘jalik birlashmalari va yirik ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida aniqlikka erishish, shu orqali ularning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida joriy yilning 2014 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №PQ-2158-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar iqtisodiyotning real sektoriga AKTni joriy qilishning muhim vazifa hamda yo‘nalishlari etib belgilangan:

• xo‘jalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida hisobot topshirish, elektron hujjat almashinuvi jarayonlariga milliy dasturiy ta’minot mahsulotlaridan foydalangan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;

• zamonaviy AKTni joriy qilish orqali mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, ishlab chiqarishda ularning tannarxining arzonlashishiga erishish, moddiy-texnik resurslardan oqilona foydalanish, mahsulot iste’molchilari bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishga erishish;

• Internet orqali korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bozorini rivojlantirish, eksport qilinishini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqish;

• Ishlab chiqarish korxonalarining ilmiy-ishlab chiqarish, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqarishda yang innovatsiyalarni joriy qilish;

• aksiyadorlik kompaniyalarida, assotsiatsiyalarda, yirik tashkilotlarda AKTni joriy qilish bo‘yicha mutaxassis va kadrlar malakasini oshirishga doir tizimni yo‘lga qo‘yish.

Qaror asosida 2014-2015 yillarda iqtisodiyotning real sektorida axborot texnologiyalarini keng joriy qilishga doir chora-tadbirlar, loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Vazifalar ijrochilariga maxsus Ishchi guruhlarini tashkil qilish, loyihalarni amalga oshirishga doir tarmoq grafiklarini tasdiqlash, shuningdek loyihalarni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar, moliyaviy-iqtisodiy asoslarining dastlabki natijalarini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga axborot-kommunikatsiya tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini joriy qilish bo‘yicha yirik muhim loyihalar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritish uchun har yili 1 iyunga qadar yirik ishlab chiqarish korxonalarida, tashkilotlarda AKTni joriy qilishga oid loyihalar ro‘yxati tasdiqlanadi. Aksiyadorlik kompaniyalari, assotsiatsiyalar, yirik tashkilotlarga o‘zlarida AKTni joriy qilishga oid yillik rejalarni, loyihalar ro‘yxati va sarf-xarajatlarni, AKT bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha oldindan tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Shuningdek Qarorda ulardagi AKT mutaxassislarini moddiy rag‘batlantirish, mutaxassislar miqdorini oshirish, tashkilotlarda zarur axborot tizimlari va dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish yuzasidan mutaxassislarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur Qarorning amalga oshirilishi AKT mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojning oshishi, loyihalarga yurtimiz dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini jalb qilgan holda, milliy AKTni rivojlantirishga erishish imkoni yaratiladi.

Bugungi kunda dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari Milliy reyestriga axborot tizimlari va dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 40 dan ziyod kompaniyalar kiritilgan.


Muallif: Axborot xizmati