Saytning yangi varianti

Iqtisodiyotning real sektoriga AKTni joriy qilishning muhim masalalari muhokama qilindi

9 апреля 2014

Kun yangiligi

Joriy yilning 9 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 apreldagi “Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №PQ-2158-sonli qarorida belgilab berilgan vazifalar, muhim yo‘nalishlarga bag‘ishlangan muhokama bo‘lib o‘tdi.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari, Iqtisodiyot vazirligi mas’ul xodimlari, Davlat raqobat qo‘mitasi xodimlari, shuningdek aksiyadorlik kompaniyalari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, assotsiatsiya vakillari ishtirok etdilar.

Majlisda AKTni iqtisodiyotning real sektoriga joriy qilishni jadallashtirishning birlamchi va muhim masalalari, Qarorda nazarda tutilgan axborot tizimlari va dasturiy ta’minot vositalarini joriy qilish bo‘yicha yirik loyihalar yuzasidan taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilish qatnashchilari e’tiboriga istiqbolda loyihalarni amalga oshirishda foydalaniladigan tarmoqli va reja jadvallarining namunalari havola qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilarning istiqbolda iqtisodiyotning real sektoriga axborot texnologiyalari, axborot tizimlari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini jalb qilishning bosqichlari, loyihalarni ishlab chiqish va shakllantirishning talab va shartlari to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishini jadallashtirish, talab va ehtiyoj mavjud dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqilishini ta’minlash, shuning asosida boshqaruvda samaradorlikka erishish, ishlab chiqarishdagi sarf-xarajatlarni qisqartirish, xo‘jalik birlashmalari va yirik ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida aniqlikka erishish, shu orqali ularning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek korxona va tashkilotlarda AKTning moliyalashtirilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, maxsus bo‘linmalar tashkil etish yuzasidan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, tavsiyalar bildirildi.  

Muallif: Axborot xizmati