Saytning yangi varianti

AKTni keng joriy qilish orqali mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish

10 апреля 2014

Kun yangiligi

Ishbilarmonlik doiralari faoliyatini takomillashtirish, investitsiya muhiti uchun keng shart-sharoitlar yaratish, davlat organlar va tadbirkorlr o‘rtasidagi munosabatlarda ochiqlik-oshkoralikni yanada oshirish, iqtisodiyotning xususiy sektorida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini oshirish maqsadida 2014 yilning 7 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini va ishbilarmonlik sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi №PF-4609-sonli Farmonini imzoladi.

Farmonga asosan 2014-2015 yillarda investitsiya muhitini rivojlantirish, ishbilarmonlik doiralarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish dasturi tasdiqlangan. Xususan mazkur dasturga muvofiq investitsiya va ishbilarmonlik muhiti uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, assotsiatsiyalar, joylardagi davlat boshqaruvi organlariga bir oy muddatda rasmiy veb-saytlarida quyidagilarni inobatga olgan holda tadbirkorlik sub’ektlari bilan aloqalarni tartibga soluvchi masalalar yuzasidan ma’lumotlarni muntazam berib borishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi:

- Davlat organi tomonidan qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy aktlar;

- Tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ruxsat beruvchi turli hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi hamda vaqtiga oid ma’lumotlar;

- Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddati va narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Farmonda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat organlari veb-saytlarida davlat organi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarni nazorat qilishga doir tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish yuzasidan vazifa yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur chora-tadbirlarni, xususan ularning amaldagi samarasi to‘g‘risida tadbirkorlik subektlari o‘rtasida so‘rovlarni amalga oshirilishi bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda duch kelayotgan to‘siqlar to‘g‘risida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga shikoyatlarini yo‘llash, shu bilan birga 200-18-18 telefon raqami orqali bepul murojaat yuborish imkoniyati yaratilgan.

Tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida, sifatli ko‘rib chiqish maqsadida Vazirlar Mahkamasida maxsus idoralararo Ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, guruh Yagona portal orqali yo‘llangan murojaatlar bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro ishlaydigan davlat organlarida ham mazkur murojaatlar bilan ishlaydigan alohida bo‘limlar tashkil etilgan. 

Muallif: Axborot xizmati