Saytning yangi varianti

Axborot-kutubxona markazlari faoliyatida AKT o'rni

20 августа 2013

Kun yangiligi
Joriy yilning 20 avgust kuni Respublika axborot-kutubxona markazining anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida infokommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona muassasalari hamkorligini yanada takomillashtirish xususida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Matbuot anjumanini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad aholini davlatimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya markazlarida kitobxonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish, axborot-kutubxona markazlari faoliyatini ommalashtirish orqali markazlarga kitobxonlarni keng jalb qilishdan iborat. 
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, axborot-kutubxonalarda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini integratsiyalash, axborotni to‘plash, unga ishlov berish, elektron kutubxonalar tashkil qilish, ta’lim muassasalarida va hududlarda kitobxonlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatishning tezligi va sifatini oshirish bugungi kun talabidir. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining butun dunyoda keng tarqalgan yo‘nalishlaridan biri bu – virtual xizmat ko‘rsatish usulidir. Virtual kutubxona foydalanuvchiga kerakli adabiyot yoki ma’lumotni kutubxona xududiga kelmasdan Internet tarmog‘i orqali olish imkoniyatini yaratadi. Tarmoqdagi elektron kitoblar o‘quv jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil qilishda va ta’lim sifatini yaxshilashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Kutubxonalarga bir yilda o‘rta hisobda 1,6 mln.dan ortiq tashriflar kuzatiladi. Kitob berilishining soni 4,6 mln nusxaga yetadi. 

Aytib o‘tish joiz, yurtimizdagi 14 ta AKMlarning adabiyotlar fondi 5 mlnga yaqin nusxani tashkil etadi. Bir yilda har bir AKMning fondi o‘rta hisobda 12 ming nusxaga ko‘payadi. 2013 yil birinchi yarim yilligi mobaynida AKMlarga 837 ming 160 nafar kitobxon murojaat qilgan bo‘lib, ularga 2,5 mln. nusxadagi kitob berilgan. 

Jami AKMlarda kitobxonlar zallari va bo‘linmalardagi, ish joylarida o‘rnatilgan kompyuterlarni birlashtiruvchi avtomatlashtirilgan lokal kompyuter tarmoqlari o‘tkazilgan. Ushbu kompyuterlar orqali Internet va «ZiyoNET» tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari mavjud. 

AKM mutaxassislari tomonidan joriy yilning I yarmi davomida 1 935 ta hujjatdan hajmi 39Gb iborat bo‘lgan to‘la matnli elektron resurslar shakllantirildi. 2013 yilning I yarim yilligida 2 289 ta raqamlashtirilgan adabiyotlar ARMlarga taqdim etildi.
Respublika axborot-kutubxona markazi negizida faoliyat yuritib kelayotgan Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi an’anaviy kitoblarni to‘la matnli elektron shaklga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi kunga kelib tizim bazasida 36,8 mingdan ziyod to‘la matnli elektron nashrlar joy olgan. Ayni kunda Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi respublikadagi axborot-kutubxona markazlarining axborot resurslari jamlab, internet tarmog‘ida korporativ tarmoq yaratish ustida izlanishlar olib bormoqda. Bu loyiha yurtimiz kitobxonlariga axborot-kutubxona markazlari xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatini beradi. 

Buning uchun viloyat axborot-kutubxona markazlari fondida saqlanib kelinayotgan noyob, nodir adabiyotlarni raqamlashtirgan holda onlayn kutubxona barpo qilish maqsadida texnik loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, loyihaga ko‘ra joriy yil mobaynida barcha AKMlar o‘zaro va markaz bilan optik tolali tarmoq orqali ulanadi, zarur texnik uskunalar, dasturlar bilan ta’minlanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilayotgan mazkur korporativ tarmoq respublika AKMlaridagi qimmatli manbalarni virtual to‘plash va ulardan samarali foydalanishga keng yo‘l ochadi.

Muallif: Axborot xizmati