Saytning yangi varianti

InfoCom-2013 AKT haftaligi

18 сентября 2013

E’tibor bering!
Press-reliz
EVENT

InfoCom-2013 AKT haftaligi

Joriy yilning 23-28 sentabr kunlari yurtimizda InfoCom-2013 an’anaviy AKT haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2004 yildan boshlab, sentabr oyining uchinchi o‘n kunligi davomida tashkil etib kelinayotgan haftalik doirasida axborot texnologiyalari sohasini takomillashtirishga qaratilgan sammit, bir qator tadbirlar, nafaqat soha vakillari, balki axborot texnologiyalari foydalanuvchilarida ham katta qiziqish uyg‘otuvchi xalqaro ko‘rgazma va taqdimotlarning bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

 

InfoCom-2013 AKT haftaligining asosiy tadbirlari

 

“Axborot texnologiyalari yoshlar uchun!”

Axborot almashinuv texnologiyalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi yoshlarga ta’lim olishning keng imkoniyatlarini ochib bermoqda. Shuni inobatga olgan holda, 2008 yildan boshlab haftalik doirasida “Axborot texnologiyalari yoshlar uchun!” xayriya loyihasi tashkil etib kelinmoqda. Joriy yilda ham AKT haftaligi arafasida, 20 sentabr kuni Jizzaxda yoshlarning axborot texnologiyalaridan yanada keng foydalanishlariga, yangi texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiluvchi mazkur aksiyani o‘tkazish rejalashtirilgan. Har yili aksiya davomida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalardan iborat homiylar bir qator ta’lim muassasalariga zamonaviy kompyuter hamda ta’lim jarayonida foydalanish uchun o‘quv muassasalariga axborot texnologiyalarini taqdim qilishadi. Joriy yilda mazkur aksiya Jizzax shahrida joylashgan Axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida tashkil etiladi.  

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 20 sentabr, 10:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Jizzax shahri  

 

Haftalikka bag‘ishlangan matbuot anjumani

AKT haftaligini 23 sentabr kuni tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani ochib beradi. Matbuot anjumanida Tashkiliy qo‘mita ommaviy axborot vositalariga haftalik mobaynida tashkil etilishi nazarda tutilgan tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot beradi. Shu kuni Yoshlar ijod saroyida “UZ” milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 23 sentabr, 08:30 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Aloqa tarixi muzeyi. Manzil: Toshkent shahri, A.Navoiy ko‘chasi, 28 B-uy.


“UZ” milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi

Joriy yilning 13 avgust kuni start olgan festival “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi”, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari Markazi, “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish Markazi tomonidan tashkil etilmoqda. O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Milliy internet festivaliga rasmiy ko‘mak berilib, muvofiqlashtirib borish “InfoCOM.UZ” jurnali tomonidan amalga oshirilmoqda.

2001 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan Festivalning bosh maqsadi internet tarmog‘ining Milliy “UZ” hududida yaratilayotgan eng yaxshi veb-resurslarni keng aholi qatlami orasida targ‘ib qilish, qo‘llab-quvvatlash, internet tarmog‘ini milliy ruhdagi mazmun-mohiyat bilan boyitish, o‘zbek tilidagi veb-saytlar sonini oshirishdan iborat.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari, madaniyat, san’at, sport, tibbiyot va boshqa soha vakillaridan iborat tanlov hay’ati nomzod veb-saytlar orasidan 10 ta yo‘nalish va yana bir qator tub nominatsiyalar bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlar uchun g‘oliblarni aniqlashadi.

Tanlovda ishtirok etayotgan veb-saytlar orasidan 10 ta mavzuli yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. “Tarmoq xizmatlari” yo‘nalishiga yangi – “Elektron tijorat” tub nominatsiyasi qo‘shilgan bo‘lib, bunda internet tarmog‘i orqali samarali tijoratni yo‘lga qo‘ygan veb-saytlar ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining eng yaxshi veb-saytlarini aniqlashda veb-sayt tomonidan davlat interaktiv xizmatlarining amalga oshirilish ko‘rsatkichlariga, veb-saytning aholi va davlat organi o‘rtasidagi munosabatlarda qanchalik muhim rol o‘ynashiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlov mobaynida eng ko‘p “host” to‘plagan nomzod veb-saytlar WWW.UZ Milliy qidiruv tizimi tomonidan taqdirlanadi.

 Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 23 sentabr, soat 18:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Yoshlar ijod saroyi. Manzil: Toshkent shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 2-uy.

 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha sammit

24 sentabr kuni Toshkent shahrida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha Sammit bo‘lib o‘tadi. Yurtimiz hamda jahon miqyosidagi axborot texnologiyalari sohasi vakillari, ekspertlar ishtirokida o‘tuvchi AKT Sammiti bugungi kunda mamlakatimizda AKT sohasidagi yirik voqealardan biri hisoblanadi. 2002 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Sammitda ilk yillarda 200 nafar delegat ishtirok etgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda tadbirda ishtirok etuvchi mutaxassis va ekspertlar soni ikki barobarga oshdi.

Sammitda AKTni rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda muammolarga bag‘ishlangan maruzalar tinglanib, mamlakatimizda turmush tarzining barcha jabhalarida AKT infratuzilmasini rivojlantirish, elektron hukumatni joriy etish, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlashda, innovatsion loyihalarni sohada tatbiq etishda qo‘lga kiritilgan tajribalar va boshqa bir qator sohaga oid dolzarb mavzular o‘zaro muhokama qilinadi.

Sammit axborot texnologiyalari mutaxassislariga, davlat organlar va xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, xususiy sektorga AKT bozorini tahlil qilish, mazkur sohadagi yangi imkoniyatlar bilan tanishish, ishonchli hamkor hamkor topish, mamlakatda AKTni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsion manbaalarni jalb qilish imkonini beradi.

Kichik guruh va seksiyalarga bo‘lingan holda AKT bozorining yetakchi ekspertlari, davlat organlari, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari mahalliy va jahon axborot texnologiyalari bozorida yetakchi hisoblangan kompaniyalar rahbarlari va mutaxassislari jamiyatning barcha jabhalarida AKTni joriy qilish yuzasidan fikr almashadilar. Muhokamalarda soha rivoji va riaojlanish dasturi, infratuzilmani shakllantirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalari, taklif va yechimlar o‘rganiladi. Ahamiyatli jihati shundaki, Sammitda ijobiy yutuq va tajribalar bilan bir qatorda mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari tahlil qilinadi.

Sammitda quyidagi beshta muhim yo‘nalish bo‘yicha ma’ruzalar tinglanadi: “Davlat sektorida AKTdan foydalanish”, “Texnologiya”, “Ishlanmalar va yechimlar”, “Internet va axborot manbaalari”, “Axborot-kutubxona texnologiyalari”. Sammit yakunida mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar va Sammit qarori qabul qilinadi.

Tadbir to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bilan www.ictsummit.uz veb-sayti orqali tanishib borishingiz mumkin.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 24 sentabr, soat 09:30 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Xalqaro biznes markazi, “Semurg‘”, “So‘g‘diyona”, “Afrosiyob”, “Qo‘qon” konferensiya zallarida. 

Manzil: Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107 B-uy.

 

Milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi

Joriy yilning 25 mart kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bir qator idora hamda vazirliklar bilan hamkorlikda foydali internet resurslarini yaratish, yosh veb-yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi Milliy internet tanlovini e’lon qilgan edi.

Tanlovda yurtimizda istiqomat qiluvchi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan veb-yaratuvchilar, dasturchilar, veb-sayt yaratuvchilari, fotomuxbirlar, jurnalistlar hamda ijodkor yoshlar o‘zlari yaratgan veb-saytlar, fotosuratlar hamda videoroliklari bilan ishtirok etishdi.

Ijobiy mazmundagi eng yaxshi internet-resurslarni yaratish, ko‘paytirish va mavjudlarini aniqlash, ularni rag‘batlantirish, ta’lim-tarbiyaga xizmat qiluvchi, xavfsiz va axborot madaniyati talablariga mos internet-muhitiga ega axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish hamda salohiyatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, ularda internet tarmog‘ida milliy o‘zlikni muhofaza qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh veb-dizaynerlarni moddiy va manaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular orasidan iqtidorlilarni kashf etish va keyingi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tanlovning maqsadi hisoblanadi.

Tanlov doirasida mahalliy hamda xorijiy domenlardan ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar “O‘zbekistonning boy madaniyati va san’ati, tarixi hamda istiqlol g‘oyalari va ma’naviy qadriyatlarini yorituvchi eng yaxshi sayt”, “Obod turmush yilini yorituvchi eng yaxshi sayt”, “Mahalla, qishloq va shaharlardagi farovon hayotni yoritgan eng yaxshi sayt”, “Mahalla, qishloq va shaharlarning eng yaxshi fotosurati”, “Yoshlar ishtirokida o‘zbek mumtoz she’riyati va adabiyotini keng targ‘ib etgan eng yaxshi rolik”, “O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini yorituvchi eng yaxshi sayt”, “O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yorituvchi eng yaxshi sayt”, “Eng yaxshi yangiliklar sayti”, “O‘zbekiston tabiati va tarixiy yodgorliklari aks etgan, kompyuter va boshqa elektron uskunalarga o‘rnatishga mo‘ljallangan internet tarmog‘idagi eng yaxshi fotojamlanma” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Shuningdek, “Davlat tilidagi eng yaxshi sayt”, “Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt”, “Mobil aloqa vositalari uchun mo‘ljallangan eng yaxshi sayt yoki qo‘shimcha dastur”, “Eng yaxshi dizayn”, “Foydalanuvchilar fikriga ko‘ra eng yaxshi sayt” kabi qo‘shimcha mavzularda ham g‘olib saytlar taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 24 sentabr, soat 18:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: “Turkiston” san’at saroyi. Manzil: Toshkent shahri, Navoiy shoh ko‘chasi, 2-uy.

 

ICTExpo 2013 axborot texnologiyalari xalqaro ko‘rgazmasi

InfoCom-2013 AKThaftaligi doirasida 25-27 sentabr kunlari Toshkent va Jizzax shaharlarida bir vaqtning o‘zida an’anaviy ICTExpo 2013 milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazmani bir vaqtning o‘zida ikki shaharda o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad AKTdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy darajaning jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatishdan iborat.

Ko‘rgazmalar o‘rtasida o‘rnatilgan videoko‘prik tadbirga tashrif buyuruvchilarga real vaqt rejimida bir yo‘la ikki ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi.

ICTExpo 2013 ko‘rgazmasida O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, kompyuter texnikasini yig‘uvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dillerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirliklar, idoralar, bank va boshqa muassasalar vakillari o‘zlarining qiziqarli stendlarini tashkil etadilar.

“Elektron hukumat” tizimiga doir texnologiyalar stendi ko‘rgazmadan o‘rin olishi kutilayotgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Mazkur yo‘nalish bo‘iycha ishtirok etayotgan muassasalar elektron hukumatni joriy qilishda qo‘llanilayotgan istiqbolli loyihalarini namoyish etadilar.

Ko‘rgazma yagona davlat ma’lumotlar bazasini yaratish, davlat organlariga aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishda samarali usullardan boxabar bo‘lish imkoniyatini beradi.

Davlat boshqaruvi organlari ko‘rgazma mobaynida elektron hukumat tizimini joriy qilish bo‘yicha aniq takliflar bilan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishda zarur bilim va malaka olishga, hamkorlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bir qator xilma-xil loyihalarni, seminar va davra suhbatlarini, shu bilan birgalikda, turli aksiya va tanlovlarni o‘z ichiga olganligi bilan ham ko‘rgazma dasturi keng qamrovlidir.

3 kun davom etadigan ko‘rgazmaga 35 ming nafar kishining kelishi kutilmoqda. ICTExpo 2013 ko‘rgazmasi AKT sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va mustahkam tijorat aloqalarini bog‘lashda yangi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘rgazma nihoyasida tashkiliy qo‘mita tomonidan stend va bo‘limlari eng yaxshi deb topilgan g‘oliblar mukofotlanadi.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 25-27 sentabr, soat 10:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: “Ko‘rgazma savdo markazi”, 1-pavilon. Manzil: Toshkent shahri, Beruniy ko‘chasi, 41-uy. Yunus Rajabiy nomidagi drama teatri. Manzil: Jizzax shahri, Sh. Rashidov ko‘chasi, 68-uy.


O‘zbekistonda internet provayding va milliy kontentning rivojiga bag‘ishlangan davra suhbati

26 sentabr kuni yurtimizda internet provayding va milliy kontentning rivojiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi va “O‘zbektelekom” AK rahbariyati, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan internet provayderlar ishtirokida o‘tuvchi tadbirda Uznet rivoji, aholiga sifatli internet xizmatlarini ko‘rsatish, jahon internet tizimiga ulanish yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 26 sentabr, soat 15:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: “Ko‘rgazma savdo markazi”. Manzil: Toshkent shahri, Beruniy ko‘chasi, 41-uy.


“AKT rivojlanishini qonuniy tartibga solish” mavzuidagi xalqaro seminar

27 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan koreyalik ekspertlar va boshqa xalqaro mutaxassislar ishtirokida “AKT rivojlanishini qonuniy tartibga solish” mavzuidagi xalqaro seminar tashkil etiladi.

Seminarda ijtimoiy munosabatlarda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan muassasalar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, hukumatimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimidagi munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy asos, axborotlashtirish manbaalaridan foydalangan holda siyosiy boshqaruvda samaradorlikka erishish masalalari ko‘riladi. Shuningdek, seminarda jahon tajribasini hisobga olgan holda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish ham rejalashtirilmoqda.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 27 sentabr, soat 09:30 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: “Poytaxt” savdo markazi. Manzil: Toshkent shahri, Sh. Rashidov ko‘chasi, 16-uy.


Uzbekistan CyberGames 2013 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi

Uzbekistan CyberGames 2013 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatiga joriy yilning 17 iyul kuni start berilgan edi. Chempionatning hududiy saralash bosqichlari joriy yilning avgust-sentabr oylarida Buxoro, Urganch, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona hamda Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Milliy chempionatning yakuniy bosqichi – Zo‘r-Zo‘r UCG 2013 Milliy finali 27 sentyabr kuni ICT Expo 2013 doirasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur final g‘oliblari WCG 2013 jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar. 28 sentabr, AKT haftaligining so‘nggi kuni Yoshlar ijod saroyida g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 28 sentabr, soat 17:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Yoshlar ijod saroyi. Manzil: Toshkent shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 2-uy.

 AKT haftaligining oxirgi kuni

Haftalikning so‘nggi kunida yosh dasturchilar o‘rtasida tashkil etilgan «BestSoftChallenge» tanlovi hamda WCG 2013 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha jahon chempionatining saralash bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Yosh dasturchilar o‘rtasida o‘tkazilgan «BestSoftChallenge» tanlovi sarhisobi

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, “O‘zbektelekom” AK, «Samsung Elektroniks» kompaniyasi hamkorlikda joriy yilning 12 iyun kuni eng yaxshi dasturiy ta’minotlarni aniqlash va ommalashtirishga qaratilgan «BestSoftChallenge»tanlovini e’lon qilgan edi.

Tanlov oliy ta’lim muassasalari talabalari, kasb-hunar kolleji hamda akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida ularning yozgi bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun o‘tkazilmoqda. Tanlov g‘oliblari faoliyatlarini takomillashtirishga xizmat qiluvchi gonorarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Taqdirlash marosimi 28 sentabr kuni AKT haftaligining so‘nggi kunida Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadi.

Tadbirning o‘tkazilish vaqti: 28 sentabr, soat 17:00 da

Tadbirning o‘tkazilish joyi: Yoshlar ijod saroyi. Manzil: Toshkent shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 2-uy.

AKT haftaligi yurtimizda axborot texnologiyalari sohasining yanada rivojlanishiga va mazkur jabhada xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi hamda CIB GROUP kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Haftalik to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar bilan www.ictweek.uz veb-sayti orqali ham tanishib borish mumkin.

Muallif: Axborot xizmati