Saytning yangi varianti

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar

29 января 2014

E’tibor bering!
Press-reliz
EVENT

Joriy yilning 29 yanvar kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalifaoliyati: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Yagona portal O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 14 fevraldagi 1920-sonli Qaroriga muvofiq tasdiqlangan “Obod turmush yili” davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 378-sonli Qaroriga muvofiq, 2013 yilning 1 iyulida ishga tushirilgan edi. Shu davr oralig‘ida my.gov.uz faoliyati takomillashib, aholi uchun zarur interaktiv xizmatlar, kerakli ma’lumotlar joriy qilindi.

Ayni vaqtda Yagona portalga 300 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi viloyat, shahar va tuman hokimliklari ulangan.

Bugunga qadar Yagona portal orqali 6 mingdan ziyod fuqarolar murojaatlari (shikoyat, taklif va murojaat) davlat organlariga yuborilgan bo‘lib, ulardan 4 700 (76%) tasiga vakolatli davlat idoralari tomonidan munosabat bildirilgan. Aholi murojaatlarining 1 510 (24%) tasi ko‘rib chiqish jarayonida. Mazkur murojaatlarning 660 (11%) tasi yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan. Yagona portal foydalanuvchilariga fuqaro murojaatlariga nisbatan davlat idoralari munosabatlarini 5 ballik shkalada baholab borish, shuningdek, ularga izoh qoldirish imkoni yaratib berilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar foydalanuvchilar tomonidan 25,9 % davlat idoralari javoblari baholangan. Murojaatlarga nisbatan davlat idoralarining munosabatlari aholi tomonidan o‘rtacha 3.5 ball bilan baholangan.

Mazkur 6 mingdan ziyod murojaatlarni turiga ko‘ra tahlil qilganda:

ariza – 59,4%

taklif – 25,8%

shikoyat – 14,8% ni tashkil etadi.

Mazmuni jihatidan, yo‘llangan murojaatlarning aksariyat qismi (1907 tasi) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati, turli mavzular (504 tasi), kommunal xizmatlar (375tasi) bilan bog‘liq.

Tahlillar Yagona portal foydalanuvchilarining 80 %i murojaatlariga elektron pochta orqali javob olishni ma’qul ko‘rishlarini ko‘rsatmoqda.

Quyidagilar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi eng ko‘p murojaat yo‘llayotgan davlat idoralari to‘rtligiga kiradi:

1. «O‘zarxiv» agentligi – 519 ta murojaat;

2. IIV – 420 ta murojaat;

3. Adliya vazirligi – 342 ta murojaat;

4. Toshkent shahri hokimligi – 324 ta murojaat.

Matbuot anjumanida Yagona portal ishlab chiquvchilari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun joriy qilingan xizmatlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, quyidagi xizmatlarga urg‘u qaratildi:

- tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani onlayn topshirish;

- biometrik pasport olish uchun onlayn navbatga yozilish;

- mavjud bo‘sh o‘rinlar xizmati;

- arxiv ma’lumotnomalarini onlayn usulda olish va boshqalar.

Shuningdek, tadbirda my.gov.uz ning quyidagi imkoniyatlari ham ta’kidlandi:

- Foydalanuvchini murojaat holatidan SMS-ogohlantirish usulida boxabar qilib borish;

- Murojaatni elektron raqamli imzo yordamida imzolash;

- Murojaatni baholash va unga izoh qoldirish;

- Murojaatni Yagona portalning Android platformasida ishlovchi mobil ilovasi orqali ham yuborish.

Shuni qayd etish lozimki, Yagona portal bilan bir vaqtning o‘zida aholiga Yagona portal faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish, internetdan foydalanmaydigan aholi qatlamiga davlat organlariga murojaat yo‘llashlariga ko‘maklashuvchi Ma’lumotlar markazi (Call-center) ham ishga tushgan edi. Shu kunga qadar Markaz tomonidan 1000 dan ziyod aholi murojaatlari qabul qilinib, Markaz operatorlari orqali aholining 50 dan ziyod murojaatlari davlat idoralariga yo‘llangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining

17 yanvardagi mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ruxsat berish va ro‘yxatga olish jarayonlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, kommunal, soliq va bojxona yo‘nalishlaridagi xizmatlarni interaktiv shaklda taqdim etishni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Tabbirda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bo‘lishi lozim bo‘lgan xizmatlar ro‘yxati belgilab olingani, uning faoliyatini yanada rivojlantirish, aholiga yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 2014 yilda quyidagi vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgani aytildi:

- Sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun arizani onlayn rasmiylashtirish;

- Tadbirkorlarga bojxona yuk deklaratsiyasini onlayn rasmiylashtirish;

- Davlat organi rahbarlari qabuliga onlayn yozilish;

- Yuridik shaxslarga ko‘chmas mulk uchun egalik huquqini onlayn rasmiylashtirish;

- Pensiya to‘lovlari va boshqa bir qator ma’lumotlarni olish.

Matbut anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga, mulohaza va takliflarga Qo'mita hamda "Uzinfocom" markazi mas'ul xodimlari tomonidan munosabat bildirildi.   

Muallif: Axborot xizmati