Saytning yangi varianti

Axborot xavfsizligi ta’minlanmoqda

16 января 2014

Kun yangiligi

Prezidentimiz rahnamoligida aloqa va axborotlashtirish sohasini tubdan takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholiga axborot resurslari, jumladan, internet tarmog‘idan foydalanish uchun yanada qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Qurmang‘ali QOLANOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimlari ham aholiga uyali aloqa kompaniyalari xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Simli telefon mobil aloqasi, internet, IPTV xizmatlaridan oddiy va qulay foydalanish maqsadida “Yagona oyna” tamoyili asosida ishlaydigan o‘n ikkita savdo bo‘limi tashkil etilgan. Bu abonentlar uchun telefon, internet, mobil aloqa xizmatlaridan bir joyning o‘zida foydalanish imkonini bermoqda.

Shahar va tuman markazlarida raqamli aloqa darajasi yuz foizga yetkazildi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish” loyihasi bo‘yicha Nukus shahrida simli telefon xizmati sifatini yaxshilash maqsadida uchta “MSAN” qurilmasi o‘rnatildi. Nukus tumani telekommunikatsiya tarmog‘idagi “DTS-1100” stansiyasi va 1 ming 120 raqamli “MSAN” qurilmasi rekonstruksiya qilindi. Namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarni telefonlashtirish maqsadida 96 raqamli yangi “MSAN” qurilmasi ishga tushirildi.

Keng polosali tarmoqlarning qurilish loyihasi bo‘yicha FTTx texnologiyasi asosida aholiga IP televideniye, yuqori tezlikdagi internet xizmati ko‘rsatish maqsadida Nukus shahrida ko‘p qavvatli uylarga 8 kilometr optik tolali aloqa kabellari yotqizilib, so‘nggi rusumdagi qurilmalar o‘rnatildi. Natijada aholi uchun zamonaviy raqamli aloqa tarmoqlari, raqamli televideniye, 100 Mbit/s gacha keng polosali internetdan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Simsiz aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida CDMA-450 tarmog‘ini kengaytirish uchun 6 yangi baza stansiyalari o‘rnatildi va mavjud 12 baza stansiyasi rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida abonentlarga, ayniqsa, olis ovullardagi foydalanuvchilarga mobil telefon aloqasi va internet xizmatlari ko‘rsatish sifati sezilarli darajada yaxshilandi. Keng polosali internet xizmatlarining ma’lumotlarni o‘tkazish tezligi Toshkent-Nukus oralig‘ida 10 Gbit/s, shahar va tuman markazlarigacha 1 Gbit/s.ga yetkazildi.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi telekommunikatsiya transport tarmog‘i filiali 6-bog‘lanmasi tomonidan Nukus-Qo‘ng‘irot-Beyneu xalqaro optik tolali aloqa liniyasini zaxiralash bo‘yicha Mo‘ynoq-Janubiy Ustryurt oralig‘ida 82,4 kilometr, Bo‘zatov (Qozonketken)-Qo‘ng‘irot oralig‘ida 56 kilometr optik tolali aloqa liniyasi yotqizildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishi natijasida shahar va tuman hokimliklarida lokal hamda korporativ tarmoqlar tashkil etilib, internet tarmog‘iga ulandi. Mahalliy davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida elektron hujjat aylanish tizimini tashkil etish maqsadida “Ye-XAT” himoyalangan elektron pochtasi va “E-hujjat” elektron hujjat aylanish tizimi joriy etildi. Boshqarma tomonidan “Qoraqalpog‘iston kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda shahar va tuman hokimliklarida bu tizimlardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilayotir.

Hozirgi kunda barcha shahar va tuman hokimliklarining rasmiy Web-saytlari hamda edu.rk.uz domenida joylashgan barcha maktab va kasb-hunar kollejlarining portallari to‘liq ishlab chiqilmoqda.

“Qoraqalpoqpaxtasanoat” hududiy birlashmasi va unga qarashli paxta tozalash zavodlarida “Paxta” axborot tizimi o‘rnatildi. Bu tizim yordamida paxta yig‘im-terimining borishi to‘g‘risida barcha tumanlar va paxta qabul qilish punktlarida avtomatlashgan ma’lumotlar to‘plami yig‘iladi. Bu qisqa fursatlarda tahliliy ma’lumot olish imkonini beradi.

“O‘zbekiston Respublikasi “Elektron ta’lim” milliy tizimini yaratish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga 15,2 kilometr optik tolali aloqa kabellari o‘tkazildi. Konferensiya zallari, server xonalariga so‘nggi rusumdagi qurilmalar o‘rnatilib, videokonferensiya o‘tkazish, masofadan o‘qitish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 16 kasb-hunar kollejiga 25,4 kilometr, 42 umumta’lim maktabiga 37,8 kilometr optik tolali aloqa kabellari o‘tkazilgani ta’lim sifatini oshirish va yoshlarga zamonaviy texnologiyalar asosida bilim berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Axborot tizimlari va resurslarini himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda internet tarmog‘idan to‘g‘ri, oqilona va xavfsiz foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Axborot xavfsizligi siyosati” dasturi ishlab chiqildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini 2013-2020 yillarda rivojlantirish dasturiga asosan 2020 yilgacha telekommunikatsiya tarmog‘ida aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, optik tolali tarmoqlar qurish hamda axborot resurslari va tizimlaridan yuqori tezlikda keng polosali foydalanishni ta’minlash vazifalari belgilab olindi. 

Muallif: A.Ortiqboyev
Manba: www.uza.uz