Saytning yangi varianti

Biznes endi internet orqali ro‘yxatga olinadi

24 марта 2014

E’tibor bering!

Tadbirkor bo‘lishni istaysizmi? O‘z uyingizda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishingiz va faoliyat boshlashingiz mumkin.

Buning uchun internet tarmog‘i orqali www.id.uz yagona identifikatsiya tizimiga “tashrif buyurasiz”. Bu yerda shaxsingizga oid kerakli ma’lumotlarni kiritish orqali login va parolga ega bo‘lasiz. Shu login va parol orqali www.my.gov.uz yagona interfaol davlat xizmatlari portaliga kirasiz. Undan tadbirkorlikka oid bo‘limni topib, «Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish» tizimiga o‘tasiz. Shu yerda shaxsingiz, faoliyatingizga oid ma’lumotlar talab qilingan sahifani to‘ldirib, uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaysiz. Qarabsizki, ikki kundan so‘ng sizga internet orqali tadbirkorlik faoliyati yuritish huquqini beruvchi elektron ko‘rinishdagi guvohnoma keladi va siz tadbirkorga aylanasiz.

Bundan o‘n-o‘n besh yil muqaddam kichik korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bir necha idoraga murojaat qilish va ko‘plab hujjat taqdim etish talab qilinardi. Tadbirkor hali ish boshlamasdan turib qancha vaqt yo‘qotishga, ko‘plab sarf-xarajatlar qilishga majbur edi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ayniqsa, yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga har tomonlama qulaylik yaratishga qaratilayotgan e’tibor tufayli sohada izchil o‘zgarishlar amalga oshirildi. Buning samarasida mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston biznesni ro‘yxatga olish shartlari bo‘yicha jahon miqyosida 66 pozitsiya yuqoriga ko‘tarilib, reyting o‘tkazilgan 189 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning eng qisqa va soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov. – Bunga ko‘pi bilan ikki ish kuni ketadi, xolos. Davlatimiz rahbarining 2011-yil 12-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xususiy biznesni rivojlantirish borasida yangi, yanada keng imkoniyatlar ochdi. Mazkur qaror bilan tadbirkorlik faoliyatini keng rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish va xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha qator yangiliklar joriy etildi. Xususan, kichik korxonalarga soliq, bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berildi, ayrim notarial chiqimlar bekor qilindi. Taqdim etiladigan hisobotlar soni ham keskin kamaytirildi.

Jamiyatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipi joriy etildi. Ruxsat berishga oid 80 dan ortiq tartib-taomil, litsenziyalanadigan faoliyat turlarining 15 tasi, 65 turdagi statistik hisobotlar, 23 turdagi hisobotni taqdim etish muddatlari qisqartirildi. 22 turdagi interfaol soliq xizmati joriy etilib, zarur ruxsatnomalar berish muddati ikki marta va mazkur jarayonlar uchun xarajatlar qiymati besh marta qisqartirildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ruxsatnoma olish jarayonida to‘lanadigan xarajatlar sakkiz barobar kamaytirildi. Banklarda hisobraqami ochish uchun to‘lovlar bekor qilindi.

Bunday keng imkoniyatlar natijasida bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 55,8 foizi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan jami sanoat mahsulotlarining 23 foizi, ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlarining deyarli barchasi, mahsulot eksportining 18 foizi, iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band bo‘lgan aholining 75 foizi kichik biznes ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, kichik biznes iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash muammosini hal etish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim rol o‘ynamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-noyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2014-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan internet tarmog‘i orqali ham murojaat qilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Bu yangilik tadbirkorlik subyektlariga zarur qulaylik yaratgan holda, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishda ham muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir qonunchilikka qat’iy rioya etilishi adliya idoralarining doimiy e’tiborida. Bu borada tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi inspeksiyalar faoliyati doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari o‘z vaqtida bartaraf etilayotir.

Masalan, tadbirkorlik subyektlariga muhr va shtamp tayyorlashga ruxsatnoma berish tartibi bekor qilingan bo‘lsa-da, ayrim inspeksiyalarda ushbu talabga rioya etilmayotgani kuzatilgan. Xususan, Uchtepa tumani hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish inspeksiyasi tomonidan “Platinum paper” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga muhr va shtamp yasatishga ruxsatnoma berilgan. Ushbu holat yuzasidan adliya boshqarmasi tomonidan sudga kiritilgan da’vo arizaga asosan inspeksiya rahbaridan jamiyat foydasiga ma’naviy zarar undirildi.

Tadbirkorlik subyektlaridan ro‘yxatdan o‘tgunga qadar ustav jamg‘armasining ma’lum miqdorini shakllantirish bekor qilingan bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda buni talab qilish saqlab qolingani uchragan. Jumladan, “Sanremony texnologi” xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonani ro‘yxatga olishda undan ustav jamg‘armasining bir qismi shakllantirilganligi to‘g‘risida “Trastbank” xususiy ochiq aksiyadorlik birja banki Samarqand shahar filialining ma’lumoti talab qilib olingan. Ushbu holat yuzasidan adliya organi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan aybdor shaxsga intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlik subyektlari manfaatlari doimo davlatimiz, jamiyatimiz va qonun himoyasida. Ushbu maqsadda yaratilgan shart-sharoit va qonunchilik asoslari xalqaro talablarga to‘la mos kelishi bilan birga, bu borada mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar jahon jamoatchiligi tomonidan ham tan olinayotgani quvonarlidir. 

Muallif: O‘zA, Norgul Abduraimova
Manba: www.uza.uz